MSK yangiliklari
“Yoshlar va saylov: elektoral madaniyatni oshirishning dolzarb masalalari”
06.09.2021
248
Joriy yilning 6 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Konrad Adenauer nomidagi fondning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Yoshlar va saylov: elektoral madaniyatni oshirishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Mazkur tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – O‘zbekistonda yoshlarning elektoral madaniyatini oshirishning dolzarb masalalarini hamda elektoral madaniyatni rivojlantirishning zamonaviy vositalari va shakllaridan foydalanish istiqbollarini muhokama qilish, shuningdek yoshlarda elektoral madaniyatni rivojlantirish bo‘yicha xorijiy davlatlar tajribasining ijobiy jihatlarini o‘rganishdan iboratdir.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi vakillari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari huzuridagi Yoshlar parlamentlari, Yosh qonunshunoslar klubi a’zolari, Konrad Adenauer nomidagi fondning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Turkiya Xalqaro hamkorlikni muvofiqlashtirish agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Turkiya Respublikasi Buyuk Millat Majlisi Tadqiqot departamenti, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti devoni moddiy-texnika ta’minoti bo‘limining “Parlamentarizm instituti”, O‘zbekistondagi Turkiya Respublikasining elchixonasi, O‘zbekistondagi Germaniya Federativ Respublikasining elchixonasi vakillari hamda xorijiy ekspertlar va OAV xodimlari ishtirok edi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi Z.Nizamxodjaev, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori
A. Sa’dullaev, Konrad Adenauer nomidagi fondning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatli vakili R.Xayne kirish so‘zlari bilan tadbirni ochib berdilar.

Qonunchilik muammolari instituti direktori F. Otaxonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi muhim siyosiy jarayon ekanligi, mazkur jarayonga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni demokratik tarzda ochiq va oshkora o‘tkazish, Prezident saylovi ilk marotaba O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi asosida o‘tkazilishi, unga kiritilgan so‘nggi o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyatini yoshlar orasida keng targ‘ib etish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov tomonidan O‘zbekiston milliy saylov qonunchiligini zamon talablari asosida rivojlanishining bosqichlari va uning o‘ziga xos jihatlari, saylov jarayonlarida inson huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida xalqaro saylov standatlari tatbiq etilganligi haqida ma’lumot berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi Z.Nizamxodjaev aholining elektoral madaniyatini oshirishda targ‘ibotning zamonaviy usullari va shakllaridan unumli foydalanish, ayniqsa, ushbu jarayonda yoshlarning faolligini ta’minlash borasida amaliy chora-tadbirlarni ko‘rish zarur ekanligi yuzasidan munosabat bildirib, konferensiya ishtirokchilariga elektoral madaniyatni oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori A. Sa’dullaev joriy yilda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida yoshlarning ishtirokini ta’minlash bo‘yicha Yoshlar ishlari agentligi tomonidan keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari va turli aksiyalarni o‘tkazish rejalashtirilganligi haqida ta’kidlab, Qonunchilik muammolari instituti bilan hamkorlikda yoshlarning elektoral madaniyatini oshirish bo‘yicha hamkorlikda o‘tkazilayotgan loyihalar taqdimoti yuzasidan ma’lumotlar berdi.

Konferensiya davomida milliy va xorijiy ma’ruzachilar tomonidan yoshlarning siyosiy-huquqiy savodxonligini oshirish, ularning yuksak elektoral madaniyatini shakllantirish bo‘yicha zarur ma’lumotlar berildi. Xususan, Turkiya Respublikasi Konstitutsiyasi va qonun xujjatlari muvofiq yoshlarning saylovlarda ishtirokini ta’minlashning munosib huquqiy asoslari yaratilganligi haqida; O‘zbekistonda yoshlarni saylovlarga jalb etishning xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshirish; yoshlarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol ishtiroki bo‘yicha Germaniya tajribasi haqida fikrlar bildirildi.

Tashkilotchilar tomonidan tadbir davomida bilirilgan taklif va tasiyalar hamda konferensiya tahririy guruhiga kelib tushgan maqolalarni o‘z ichiga olgan “Yoshlar va saylov: elektoral madaniyatni oshirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya materiallar to‘plami va “Qonunchilik muammolari axborotnomasi”ning maxsus sonini chop etish rejalashtirilganligi ta’kidlandi.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma’muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing
Sayt ishlab chiqilgan:
Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish